O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatning kelgusi o‘n yillikdagi asosiy rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi yettita milliy dastur amalga oshirilishini ma’lum qildi.
Bu haqda davlat rahbari O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda so‘zlagan nutqida aytdi.
Prezidentning ta’kidlashicha, bugun mamlakat o‘z tarixining yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi bosqichida turibdi hamda mutlaqo yangi taraqqiyot davriga qadam qo‘ymoqda.
«Kelgusi o‘n yillik biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari bunday davrni xalqning aql-zakovati, mehnati va birdamligi bilan barpo etish mumkinligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan yaqin yillarda inson qadrini yanada yuksaltirishga qaratilgan yettita milliy dastur amalga oshiriladi.
Birinchi milliy dastur bilim va kasbiy ko‘nikmalarni mamlakat kelgusi taraqqiyotining asosiy kapitaliga aylantirishga qaratiladi.
Yaqin vaqt ichida olti yoshli bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari bilan qamrab olish darajasi 100 foizga yetkaziladi. Xususiy bog‘chalar tashkil etish uchun mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.
Barcha maktablar xalqaro bilimni baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi, texnikumlarda esa xalqaro ta’lim standartlari joriy etiladi.
Yoshlarni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishga alohida e’tibor qaratilib, bunday ta’lim bilan qamrovni 1 million kishiga yetkazish rejalashtirilgan.
«Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb-hunar egallamagan birorta ham yigit-qiz qolmaydi», — dedi prezident.
Shuningdek, O‘zbekistondagi kamida 10 ta universitetni dunyoning eng yaxshi 1000 ta oliy ta’lim muassasasi qatoriga kiritish muhim maqsad sifatida belgilandi.
Ikkinchi milliy dastur aholi salomatligi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga qaratiladi.
Kelgusi besh yil ichida aholi salomatligini muhofaza qilish bilan bog‘liq davlat xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 5 foizigacha yetkazish rejalashtirilgan.
Tibbiyotda kasalliklarning oldini olishni kuchaytirish orqali salomatlikni saqlash modeliga o‘tish ko‘zda tutilmoqda.
Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatdagi barcha xonadonlarni qamrab oladi.
Ixtisoslashtirilgan tibbiyotda raqobatni kuchaytirish maqsadida O‘zbekistonga dunyoning kamida beshta nufuzli klinikasini jalb qilish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiyalar va tibbiy ta’limni rivojlantirish markazlaridan biriga aylanishi ko‘zda tutilgan.
Uchinchi milliy dastur iqtisodiyotni yuqori texnologiyalar va yuqori mehnat unumdorligiga asoslangan modelga o‘tkazishni nazarda tutadi.
«Uchinchi milliy dastur — iqtisodiyotimizni yuqori texnologiyalar va yuqori mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish», — dedi davlat rahbari.
Kelgusi o‘n yil davomida O‘zbekistonga $450 milliard xorijiy investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan.
Yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari saqlanib qolsa, 2030-yilga borib mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmini $300 milliardga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishda startaplar, venchur moliyalashtirish va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan bo‘ladi.
Shuningdek, kichik biznesning o‘rta biznesga, o‘rta korxonalarning esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishiga imkon beruvchi yagona ekotizim yaratiladi.
«Buning hisobiga kelgusi o‘n yillikda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 10 ming dollardan oshadi», — dedi prezident.
Davlat rahbari global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslari va ekologiya masalalari tobora dolzarb bo‘lib borayotganini ham ta’kidladi.
To‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.
Kelgusi besh yil ichida ekin maydonlarini suv tejovchi texnologiyalar bilan qamrab olish darajasini 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
«Yashil makon» umummilliy harakati yangi bosqichga olib chiqiladi.
«Tabiatga munosabat — xalq madaniyati, davlat mas’uliyati va taraqqiyot sifatining ko‘rsatkichidir. Biz “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Maktablar, bolalar bog‘chalari, shifoxonalar va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi.
Yaqin yillarda tuman markazlari va shaharlardagi yashil hududlar ulushini 30 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Beshinchi milliy dastur sud tizimi mustaqilligini mustahkamlash va qonun ustuvorligini umumiy qadriyatga aylantirishga qaratiladi.
«Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham ortadi», — dedi davlat rahbari.
Huquqiy tarbiya maktabdan boshlab tizimli ravishda yo‘lga qo‘yiladi.
Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar izchil davom ettiriladi.
Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish choralari kuchaytiriladi.
Shuningdek, yashirin iqtisodiyot, uyushgan jinoyatchilik hamda ayollar va bolalar huquqlarining kamsitilishiga qarshi kurash yangi bosqichga olib chiqiladi.
Oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishni nazarda tutadi.
Prezidentning ta’kidlashicha, odamlarning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-intilishlari va tadbirkorlarning tashabbuskorligi, avvalo, mahalla darajasida namoyon bo‘ladi.
«Endi davlat dasturlarini ishlab chiqishga yondashuv butunlay o‘zgaradi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tuman budjetlari, investitsiya dasturlari va infratuzilma loyihalari mahallalarning talabnomalari asosida shakllantiriladi.
Bunda fuqarolarning talab va ehtiyojlari hamda mahalla farovonligi asosiy mezon bo‘ladi.
Yettinchi milliy dastur O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik mamlakati, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat hukm suradigan davlat sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlashga qaratiladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, shuningdek, 16 ta diniy konfessiya vakillari tinchlik va totuvlikda yashamoqda.
«Bugungi notinch zamonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik — xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligidir», — dedi prezident.
O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar tashqi siyosati mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan.
Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari, strategik sheriklik va do‘stlikni kengaytirish borasida tarixiy natijalarga erishilgani qayd etildi.
Shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi mamlakatlari bilan aloqalar mustahkamlandi.
Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlari bilan hamkorlikning yangi yo‘nalishlari ochildi.
O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati







