Mirziyoyev: O‘zbekiston xalqning irodasi va qat’iyati tufayli mustaqillikka erishdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda nutq so‘zladi.

Davlat rahbari xalqni bayram bilan tabriklab, asosiy tantanalarning Yangi Toshkentda o‘tkazilishi alohida ramziy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Kelajakda ushbu hudud ilm-fan, ta’lim va madaniyatning yirik markaziga aylanishi kutilmoqda.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati

Arafada bu yerda Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti hamda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi binolari foydalanishga topshirildi. Shuningdek, bu yerda barpo etilgan musiqali favvora dunyodagi eng baland musiqali favvora sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi.

«Asriy orzu-intilishlar ro‘yobga chiqayotgan ushbu betakror maskanda biz butun xalqimiz bilan birgalikda hali ko‘plab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh bo‘lamiz.

Ishonchim komil, Yangi Toshkent poytaxtimizga ko‘rk bag‘ishlaydigan, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning kuch va qudratini namoyon etadigan haqiqiy taraqqiyot markaziga aylanadi», — dedi Prezident.

Mustaqillik va tarixiy meros

Shavkat Mirziyoyev 1991-yilda O‘zbekiston o‘z xalqining irodasi va qat’iyati tufayli davlat mustaqilligiga erishganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, mamlakat davlatchiligining ildizlari uch ming yildan ziyod tarixga, qadimiy sivilizatsiya va davlatchilik an’analariga borib taqalishi qayd etildi.

Prezident Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarida Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalar insoniyat tafakkuri xazinasiga ulkan hissa qo‘shganini eslatdi.

Amir Temur tomonidan barpo etilgan davlatning tarixiy ahamiyati, shuningdek, ozodlik, ma’rifat va milliy mustaqillik yo‘lida kurashgan jadidlar merosiga ham alohida e’tibor qaratildi.

«Jadid bobolarimiz — Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon va boshqa ajdodlarimizning Vatan ozodligi va milliy mustaqillik yo‘lida jon fido qilgan orzu-intilishlari bugun Yangi O‘zbekistonda to‘la ro‘yobga chiqmoqda.

Mustaqillik bizga or-nomus va qadr-qimmatimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimiz va unutilgan milliy qadriyatlarimizni qaytardi. Mustaqillik tufayli biz o‘zligimizni angladik va butun dunyoga buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari ekanimizni namoyon etdik», — dedi davlat rahbari.

Tadbir davomida bugungi erkin hayot yo‘lida jonini fido qilgan buyuk ajdodlar va jadidlar xotirasiga hurmat bajo keltirildi.

Shuningdek, o‘tgan 35 yil davomida mamlakat mustaqilligini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarning fidokorona mehnati va jasorati e’tirof etildi.

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti, taniqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov xotirasi ham chuqur hurmat bilan yodga olindi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati

«Inson hamma narsadan ustun»

Shavkat Mirziyoyev mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadr-qimmatiga hurmat va erkin yashash imkoniyatida namoyon bo‘lishini ta’kidladi.

Davlat rahbari islohotlarning dastlabki kunlaridanoq xalqni tinglash va aholi muammolarini hal qilish asosiy maqsad sifatida belgilanganini qayd etdi.

«Inson hamma narsadan ustun» g‘oyasi davlat siyosatining markaziga qo‘yildi. Avvalo, fuqarolarga yillar davomida qiyinchilik tug‘dirgan muammolar, jumladan, «paxta qulligi», majburiy va bolalar mehnati, valyuta konvertatsiyasiga qo‘yilgan cheklovlar hamda «propiska» tizimi bilan bog‘liq to‘siqlar bartaraf etildi.

«Eng muhimi — fuqarolarimiz qalbidagi qo‘rquv va xavotir o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. So‘nggi o‘n yil davomida har bir inson erkin va farovon yashashi mumkin bo‘lgan jamiyat barpo etish uchun tinimsiz izlandik va astoydil mehnat qildik», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xorijiy investitsiyalar hajmi $40–50 mlrdga yetdi

Prezident iqtisodiy islohotlarga ham alohida to‘xtaldi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston dunyoga yanada ochildi, chegaralar bilan bog‘liq masalalar hal qilindi, qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik va hamkorlik aloqalari mustahkamlandi.

Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, O‘zbekistonning Iqtisodiy erkinlik indeksidagi o‘rni 80 pog‘onaga yaxshilandi va mamlakat iqtisodiyoti «o‘rtacha erkin» davlatlar qatoriga kirdi.

Xorijiy investitsiyalar oqimi ham sezilarli darajada oshdi. Ilgari mamlakat iqtisodiyotiga yiliga $2–3 mlrd miqdorida xorijiy investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich $40–50 mlrdni tashkil etmoqda.

Investitsiyalar bilan birga mamlakatga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilimlar va yangi iqtisodiy imkoniyatlar ham kirib kelmoqda.

$160 mlrdlik YaIM maqsadiga muddatidan oldin erishish kutilmoqda

Shavkat Mirziyoyev mamlakat iqtisodiyotining kelgusi istiqbollari haqida ham gapirdi.

Uch yil avval O‘zbekiston oldiga 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini $160 mlrdga yetkazish vazifasi qo‘yilgan edi.

Prezidentning ta’kidlashicha, global logistika tizimidagi uzilishlar va dunyodagi beqaror vaziyatga qaramay, ushbu ko‘rsatkich joriy yilning o‘zidayoq ortig‘i bilan bajariladi.

Natijada O‘zbekiston daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishi kutilmoqda.

«Bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, uning intellektual salohiyati, shuningdek, millat va davlatning birligi tufayli erishmoqdamiz. Har bir inson va har bir oila o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni tobora chuqurroq his qilmoqda», — dedi Prezident.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati